Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Qimmatli qog‘ozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

25.06.2026
73

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026 yil 7 maydagi 15-son buyrug‘i bilan Qimmatli qog‘ozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (ro‘yxat raqami – 3860, 2026 yil 25 iyun).

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida qimmatli qog‘ozlar, shu jumladan aksiyalar, obligatsiyalar va qimmatli qog‘ozlarning hosilalari bilan repo bitimlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi. 

Nizomga muvofiq:

– repo  bitimlari repo tashabbuskori va repo akseptanti o‘rtasida tuziladi hamda ularni tuzish qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchilarining savdo tizimlarida amalga oshiriladi. Bunda repo bitimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va shartlari, qimmatli qog‘ozlar va pul mablag‘lari bo‘yicha hisob-kitoblar qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchilarining qoidalari bilan belgilanadi;

– repo bitimi o‘zaro bog‘liq ikki qismdan iborat bo‘lib, ikkinchi qism bitimda belgilangan muddat tugaganda ro‘yxatdan o‘tkazilgan savdo tizimida avtomatik tarzda ijro etiladi;

– birjaning kotirovkalash varag‘iga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar repo bitimlari bo‘yicha ta’minot sifatida qabul qilinishi mumkin, agar emitent yoki qimmatli qog‘oz O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingiga nisbatan ko‘pi bilan ikki pog‘ona past bo‘lgan xalqaro yoki unga teng milliy reytingga ega bo‘lsa;

– savdo tashkilotchisi repo bitimining ikkinchi qismini ijro etishdan oldin taraflarning pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha majburiyatlarni to‘liq bajarish uchun yetarliligini tekshiradi hamda ijro sanasidan kamida bir kun oldin taraflarga xabarnoma yuboradi;

– repo bitimining shartlari va muddatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish faqat taraflarning o‘zaro roziligi asosida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, mazkur Nizom davlat qimmatli qog‘ozlari bilan amalga oshiriladigan repo bitimlariga nisbatan tatbiq etilmasligi nazarda tutilgan.

Mazkur Nizom qimmatli qog‘ozlar bozorida repo operatsiyalarining shaffofligi, barqarorligi va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.