O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Islom taraqqiyot banki hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi doirasida joriy etilayotgan sukuk qimmatli qog‘ozlarining mazmun-mohiyati, ularni chiqarish va muomalaga kiritish amaliyoti, xorijiy tajriba hamda O‘zbekistonda joriy etish istiqbollariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Islom taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi, kapital bozori infratuzilmasi tashkilotlari, islomiy moliya sohasi ekspertlari va mustaqil konsultantlar ishtirok etdi.
Seminar davomida sukuk qimmatli qog‘ozlarining huquqiy va iqtisodiy xususiyatlari, ularni chiqarish va muomalaga kiritish mexanizmlari, shuningdek, mazkur moliyaviy instrumentni O‘zbekiston kapital bozoriga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda islomiy moliya bo‘yicha xalqaro tajriba va ekspertlik yondashuvlari taqdim etildi. Xususan, sukukning asosiy turlari — sherikchilik, ijara, savdo va agentlik sukuklari, shuningdek, ajratilgan aktivlar, sukuk moliya kompaniyasining huquqiy maqomi hamda sukukning islomiy moliya standartlariga muvofiqligini baholash mexanizmlari yuzasidan ma’ruzalar qilindi.

Ma’ruzalarda BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari, islom moliyasi bo‘yicha sertifikatlangan shariat maslahatchilari va auditorlari hamda islomiy moliya sohasida ixtisoslashgan konsalting kompaniyasi vakillari ishtirok etib, sukukni joriy etishning xalqaro amaliyoti va O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan sukukni qonunchilikka joriy etish bilan bir qatorda, uning chiqarilishi, muomalasi, daromadlarni taqsimlash hamda so‘ndirilishini qamrab oladigan yaxlit huquqiy mexanizmni shakllantirish muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Shuningdek, sukuk bozorini samarali rivojlantirish uchun kapital bozori infratuzilmasi ishtirokchilarining, jumladan, markaziy depozitariy, fond birjasi va boshqa professional ishtirokchilarning yangi moliyaviy instrument bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Xalq vakillari va ekspertlarning fikricha, xorijiy tajribani inobatga olgan holda, islomiy moliya standartlariga asoslangan sukuk qimmatli qog‘ozlarining muomalaga chiqarilishi O‘zbekiston kapital bozoriga investorlar mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Seminar yakunida sukuk qimmatli qog‘ozlarini O‘zbekiston kapital bozorida samarali joriy etish uchun zarur huquqiy va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish, xalqaro tajribani milliy sharoitlarga moslashtirish hamda bozor ishtirokchilari o‘rtasida zarur hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
