logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining so‘zlariga raddiya

27.01.2023
1606

2023 yil 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki binosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi M.B.Nurmuratov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida Markaziy bank rahbari M.Nurmuratov shunday dedi:

«Касательно крипто-активов, я должен сказать, что Центральный банк, как и во всём мире, подходит к вопросу крипто-активов консервативно. Мы не считаем криптовалюту имеющим стоимость активом, и наше отношение к ней негативное.

И то, что у нас определено существование крипто-биржи и его регламент не позволяют нашим резидентам на прямую участвовать в купле/продаже крипто-активов.».

Markaziy bank Boshqaruvi raisi bayonotidan iqtiboslar qator internet axborot resurslarida (Spot.uz, Uz.kursiv.media) e’lon qilindi. Matbuot anjumani shuningdek, Uzreport TV telekanali orqali jonli efirda namoyish etildi. Matbuot anjumani videosi Uzreport TV telekanalining YouTube tarmog‘idagi sahifasida quyidagi havolada joylashtirilgan: https://www.youtube.com/watch?v=sIAVXHDKAqc.

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda -  Agentlik) M. Nurmuratov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning eskirganligini hamda haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qiladi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3150-son qaroriga muvofiq, Agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish hamda ushbu sohada faoliyatni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Ya’ni, Markaziy bank kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi vakolatli organ hisoblanmaydi, shu sababli uning vakillari Markaziy bank tomonidan tartibga solinmagan sohaga oid bayonotlar berishga haqli emas.

Bundan tashqari, Markaziy bank rahbari o‘z nutqida mahalliy aholining kripto-aktivlarni sotib olishda bevosita ishtirok eta olmasligi haqida gapirganida eskirgan va ishonchsiz ma’lumotlarni keltirgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2019 yil 6 dekabrdagi 172-son buyrug‘i (Adliya vazirligi tomonidan 2019 yil 20 dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3127-3-son) bilan kripto-birjalarni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, kripto-birjalarda savdoni amalga oshirish qoidalari tasdiqlandi. Mazkur qoidalarda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari kripto-birjalarda faqat kripto-aktivlar va tokenlarni sotish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga egaligi nazarda tutilgan.

Bundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2021 yil 11 noyabrdagi 34-son buyrug‘i (Adliya vazirligi tomonidan 2021 yil 22 noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3127-6-son) bilan Kripto-birjalarda savdoni amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilib, unda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga kripto-birjalarda kripto-aktivlar va milliy valyutadagi tokenlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini amalga oshirish huquqi, hamda O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lmagan shaxslar bilan faqat kripto-aktivlar va chet el valyutasiga tokenlarni sotish bo‘yicha operatsiyalar huquqi taqdim etildi.

Keyinchalik yuqoridagi qoidalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi va uning o‘rniga Kripto-birjada kripto-aktivlar savdosini amalga oshirish qoidalari (Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 15 avgustda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3379-son) qabul qilindi, mazkur qoidalarning 5-bandiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari kripto-birjalar elektron platformalarda milliy valyutada kripto-aktivlar savdosining barcha turlarini, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo qilish maydonchasida kripto-aktivlarni sotish va sotib olish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lmagan shaxslar bilan faqat kripto-aktivlarni chet el valyutasiga sotish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuqoridagilarni inobatga olib, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, davlat organlari vakillariga haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatmaslikni tavsiya qiladi. Agentlik kripto-aktivlar muomalasi sohasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi sababli hamda noto‘g‘ri talqinlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasiga doir ma’lumotlar yuzasidan belgilangan tartibda bevosita Agentlik bilan bog‘lanishni so‘raydi.