Yangiliklar
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va transport infratuzilmasini rivojlantirish ishlari bilan tanishildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida qator obyektlarga tashrif buyurdi.
Ob-havo noqulayliklari va harorat pasayishi davrida infratuzilma obyektlarida muammo kelib chiqishining oldini olish, yo‘llarning sifati va xavfsizligini ta’minlash kabi vazifalar bugungi kunda o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, bu masalalar Prezidentimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Davlatimiz rahbari mazkur yo‘nalishlardagi ishlarning borishi hamda bunyodkorlik jarayonlari bilan tanishuvni Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichdan boshladi.
Ma’lumki, bu ko‘prik Bobur ko‘chasi bo‘ylab Kichik halqa yo‘li va temir yo‘l ustidan o‘tadi. Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida bu yerda avvalgi ko‘prikka yondosh yana bir estakada qurilmoqda. U yig‘ma monolit uslubida bo‘lib, sifat talablariga mos.
Qurilish bitgach, ko‘prikning eni 46 metrga yetadi. Bir kecha-kunduzda 20 ming transportni o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich 9-10 ming atrofida edi.
Ko‘prik yonida 2 ta aylana, 4 ta yoysimon shakldagi chiqish-tushish yo‘li barpo etilmoqda. Bu qayrilib olish xavfini yo‘qotib, boshqa yo‘llardagi harakatga qo‘shilishni osonlashtiradi. Shuningdek, ko‘prik ustida piyodalar va velosipedlar yo‘laklari ham kengaytirildi.
Prezident bu yerdagi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Tutash yo‘llarda ham piyodalar va avtomobillar harakatiga qulayliklarni oshirish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Transport infratuzilmasida havo portlari strategik ahamiyatga ega. Bu sohada “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tuzilib, aeroportlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinmoqda.
So‘nggi yillarda Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali yangilanib, o‘tkazish quvvati 2 barobar oshirildi. Joriy yil boshida yana bir uchib ketish zali ta’mirlanib, qayta ochildi. Unda Duty Free do‘konlari, “Art-bazar” savdo majmuasi, milliy zargarlik va gastronomiya do‘konlari, dorixona, ona-bola xonasi, namozxona tashkil etildi.
Umuman, uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida poytaxt aeroportining jo‘nab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaydi.
Ayni kunlarda yana bir xalqaro terminal rekonstruksiya qilinmoqda. Loyihaga ko‘ra, binoning tashqi va ichki ko‘rinishi milliy tusda pardozlanadi, kirish-chiqish yo‘laklari kengaytiriladi. Mehmonlarni kutib olish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun qulayliklar oshiriladi. Shuningdek, terminalga yondosh hududlar obodonlashtiriladi.
Davlatimiz rahbari ushbu qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va tezkorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, mutasaddilarning iqtisodiy va ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qishga tayyorgarlik holati yuzasidan hisoboti tinglandi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish va sifatli yakunlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati