Yangiliklar
Fuqarolarning sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha murojaatlari bilan ishlarni takomillashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida sug‘urta tashkilotlari vakillari ishtirokida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlarni takomillashtirishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
2024 yilning I-choragida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1 592 ta murojaatlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 16 tasi yuridik shaxslar va 1 576 ta jismoniy shaxslardan. Murojaatlarni 828 tasi ixtiyoriy sug‘urtaga, 742 tasi majburiy sug‘urta turlari va 22 tasi esa boshqa masalalarga oid.
Agentlik aralashuvi bilan sug‘urta tashkilotlari tomonidan 604 ta murojaat ijobiy xal qilingan bo‘lib, o‘z vaqtida to‘lanmasdan kelinayotgan holatlar bo‘yicha 9, 9 mlrd. so‘m miqdorida sug‘urta qoplamasi to‘lab berilishi ta’minlandi. Murojaatlarning 673 tasi dagi masala va muammolar yuzasidan esa huquqiy tushuntirishlar berildi va qolgan 305 ta murojaatlar ko‘rib chiqish jarayonida.
Yig‘ilishda sug‘urta tashkilotlarida fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, Agentlik vakillari sug‘urta tashkilotlari faoliyatini o‘rganish natijasida sug‘urtalovchilar va fuqarolar o‘rtasidagi nizolarni hal etishda tizimli muammolar mavjudligi, jumladan, arizalarni ko‘rib chiqish va sug‘urta tovonini to‘lashda kechikishlar mavjudligini alohida ta’kidladilar. Shu munosabat bilan, bir qator sug‘urta tashkilotlari rahbarlarining muammolarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axboroti tinglandi.
2024 yil 1 mart kuni qabul qilingan “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori talablariga muvofiq Agentlik tomonidan sug‘urta da’volari ijrosi yuzasidan elektron monitoring tizimi yuritilib, mazkur tizim majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmaslik holatlarini tezkorlik bilan aniqlaydi.
Sug‘urta tashkilotlari vakillari belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmagan yoki to‘lanmagan har bir sug‘urta da’vosi uchun sug‘urta tashkilotiga jarima undirilishi haqida ogohlantirildi. Shuningdek, fuqarolarning murojaatlari bilan bog‘liq ishlar tashkilot darajasida, ya’ni tartibga soluvchi organgacha yetkazilmasdan, tezkorlik bilan hal etish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, sug‘urta xizmatlari sifati bo‘yicha sug‘urta tashkilotlari faoliyati reytingi yuritilishi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.