O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Markaziy banki tomonidan Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus rejimini taqdim etish, maxsus rejim ishtirokchilarini ro‘yxatga olish, ularning faoliyati ustidan monitoringni amalga oshirish, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish, shuningdek maxsus rejim ishtirokchilari reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.
Maxsus rejimning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilanmoqda:
- ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida to‘lov tizimlarini yaratish va (yoki) barqaror tokenlarni chiqarish hamda ular bilan operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek ulardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- investitsiyalarni jalb qilish va bozorda raqobatni oshirish;
- innovatsion to‘lov yechimlarini joriy etishga ko‘maklashish;
- iste’molchilar va investorlarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilish;
- tajriba-sinov loyihalari natijalari asosida qonunchilikni takomillashtirish.
Maxsus rejim doirasida quyidagi tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilishi mumkin:
- milliy va (yoki) xorijiy valyuta bilan ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarish;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida barqaror tokenlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish;
- xalqaro o‘tkazmalarni (hisob-kitoblarni) amalga oshirish maqsadida barqaror tokenlardan foydalanish;
- ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida to‘lov tizimlarini yaratish.
Shu bilan birga, maxsus rejim doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi:
- algoritmik barqaror tokenlarni chiqarish;
- anonimlik xususiyatiga ega barqaror tokenlarni chiqarish;
- kripto-aktivlar bilan ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarish.
Nizomga muvofiq, barqaror tokenlarni chiqarish faqat milliy va (yoki) xorijiy valyutadagi pul mablag‘lari bilan to‘liq ta’minlangan holda amalga oshiriladi. Bunda mazkur mablag‘lar Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxiraga qo‘yilishi lozim.
Shuningdek, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy talablar joriy etilgan. Jumladan, maxsus rejim ishtirokchilari axborot xavfsizligi tizimlarini joriy etishi, mas’ul shaxs tayinlashi, ichki tartib-qoidalarni tasdiqlashi va emitent ekotizimining barqaror ishlashini ta’minlashi shart.
Maxsus rejim ishtirokchilarini ro‘yxatga olish vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Ayrim masalalar, jumladan moliyaviy barqarorlik, kiberxavfsizlik va barqaror tokenlar chiqarish hajmiga oid masalalar Markaziy bank bilan majburiy tartibda kelishilishi belgilangan.
Tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish muddati dastlab 12 oy etib belgilanadi va zarur hollarda uzaytirilishi mumkin. Bunda umumiy muddat 3 yildan oshmasligi lozim.
Maxsus rejim ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq axborot resursi hisoblangan reyestrga kiritiladi va vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
Mazkur Nizom barqaror tokenlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanishni nazorat qilinadigan muhitda aprobatsiya qilish hamda ular asosida innovatsion to‘lov instrumentlarini yaratish uchun huquqiy asosni shakllantiradi, shu bilan birga moliyaviy barqarorlikka oid xavflarni minimallashtirishni ta’minlaydi.
Idoraviy mansub tashkilotlar