logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

O‘zbekiston uchun milliy yashil sukuk tuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish bo‘yicha uchrashuv

16.10.2024
174

Istiqbolli loyihalar milliy agentligida (Agentlik) BMTTD bilan hamkorlikda tashkil etilgan O‘zbekiston uchun yashil sukuk milliy tuzilmasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, “Toshkent” Respublika fond birjasi vakillari, BMTTD Istanbul Xususiy sektorni rivojlantirish xalqaro markazi (ICPSD) hamda Islom biznesi va moliyasi ekspertlari ishtirok etdilar.

Uchrashuv amaliyotchilar va soha rahbarlarini yashil sukuk va uning salohiyati bilan tanishtirish platformasi, shuningdek, O‘zbekiston kontekstiga xos amaliy muammolar va imkoniyatlarni tushunishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy muhokamalar uchun o‘ziga xos platforma bo‘ldi.

Ma’ruzachilar Evroosiyo va Yaqin Sharqda yashil sukukni joriy etishning amaliy muammolari va imkoniyatlari, IHT davlatlarining ilg‘or tajribalari, O‘zbekistonda sukukni moliyalashtirish bo‘yicha potensial yashil loyihalarni aniqlash, O‘zbekiston sharoitiga xos qonunchilik va meyoriy talablar, shuningdek, yashil sukuk sanoatidagi bo‘lg‘usi yo‘nalishlar va hamkorlik kabi mavzularda taqdimotlar qildilar.

Ishtirokchilar O‘zbekistonda islom moliyasi va sukuk bo‘yicha meyoriy-huquqiy bazani yaratish borasida fikr almashdilar, O‘zbekistonda sukuk/yashil sukukni qabul qilish, faoliyat yuritish va tartibga solishda yuzaga keladigan aniq imkoniyatlar va muammolar hamda ularning potensial yechimlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida xalqaro tamoyillar va standartlarga mos yashil sukuk tuzilmasini hamda uning tashqi ko‘rib chiqish, ta’sirni o‘lchash va hisobot berish jarayoni kabi asosiy tarkibiy qismlarini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ma’lumot uchun: Islom moliyaviy vositalari, jumladan, sukuk taraqqiyotni moliyalashtirishni jalb qilishning yangi istiqbolli vositasiga aylandi. Sukuk vositalari nafaqat musulmon mamlakatlarida, balki butun dunyoda tan olinmoqda. Fitch Rating ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda jahon miqyosida muomalaga chiqarilgan sukukning umumiy hajmi 252 milliard dollarga yetgan, bozordagi muomaladagi sukukning umumiy hajmi esa 711 milliard dollardan oshgan.

Yashil sukuk – qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya tejaydigan va resurslarni tejovchi texnologiyalar, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish kabi ekologik barqaror loyihalarni moliyalashtirish uchun foydalaniladigan yangi turdagi sukuk.