O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 40,5 mlrd. so‘m miqdoridagi birlamchi ipoteka obligatsiyalari emissiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur emissiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil
21 fevraldagi PF-26-son “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan Ipoteka obligatsiyalarini chiqarish sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida ipoteka obligatsiyalarining emissiyasi va muomalasi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomi (2025 yil 11 noyabrda 3700-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) talablariga muvofiq amalga oshirildi.
Emitent sifatida ipoteka agenti vazifasini bajaruvchi “UMRC SPV” MCHJ ishtirok etmoqda.
Obligatsiyalar chiqarilishi ipoteka qoplamasi hamda «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJning kafilligi bilan ta’minlangan. Bir dona obligatsiyaning nominal qiymati 100 so‘mni tashkil etadi.
Mazkur chiqarilish doirasida jalb etiladigan mablag‘lar ipoteka kreditlarini moliyalashtirish va qayta moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Kelgusida ipoteka obligatsiyalari bozorining rivojlanishi ipoteka aktivlarini likvid bozor instrumentlariga transformatsiya qilish orqali uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb etishning samarali mexanizmini shakllantirish imkonini berishi kutilmoqda. Bu kapital bozorining yanada rivojlanishiga hamda respublikada uy-joy qurilishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Ipoteka obligatsiyalarining pilot chiqarilishi milliy kapital bozorini yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim bosqich hisoblanadi.
Ushbu instrumentni joriy etish kapital bozoridagi moliyaviy instrumentlar turini kengaytirish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish hamda iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni samarali qayta taqsimlash imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.