O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025 yil 23 mayda “Mamlakatimizda qayta sug‘urta tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 191-sonli qarorni imzoladi.
Tahlillar milliy sug‘urta bozorida qayta sug‘urta xizmatlarining ulushi oshayotganligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, 2024 yil yakunlari bo‘yicha qayta sug‘urtaga o‘tkazilgan sug‘urta mukofotlarining umumiy miqdori 3,8 trln. so‘mni tashkil etdi (2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 2,2 trln. so‘mni tashkil etgan).
Ta’kidlash joizki, milliy sug‘urta kompaniyalarining o‘z kapitalining yetarli emasligi, yirik tavakkalchiliklarni ushlab qolish imkonini bermasligi sababli, qayta sug‘urta mukofotlarining katta qismi chet elga qayta sug‘urtalashga o‘tkazilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, milliy qayta sug‘urta bozori hajmini yanada oshirish, tavakkalchiliklarni mo‘tadil taqsimlash, sug‘urta qildiruvchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va qayta sug‘urta tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2025 yilda qayta sug‘urta tizimini yanada takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib, milliy qayta sug‘urta bozori hajmini 4 trln. so‘mga yetkazish, qayta sug‘urta xizmatlari eksportini kamida 30 foizga oshirish, qayta sug‘urta sohasiga jalb qilinadigan investitsiyalar hajmini 150,0 mlrd. so‘mgacha oshirish belgilandi.
Ustav kapitali miqdori 300 mlrd. so‘mdan kam bo‘lmagan Aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “O‘zbekiston qayta sug‘urta kompaniyasi” milliy qayta sug‘urta tashkiloti (Kompaniya) tashkil etilmoqda.
Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida qayta sug‘urtani qonunchilikka muvofiq amalga oshirish, investitsiyalarni va investitsiya loyihalari bo‘yicha tavakkalchiliklarning kompleks qayta sug‘urta himoyasini ta’minlash, xorijiy sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlikni o‘rnatish hisoblanadi.
Idoraviy mansub tashkilotlar