Yangiliklar
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi sohasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3150-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 apreldagi PF-121-sonli Farmoni asosidagi tahrirda) 3-bandi “z” kichik bandidagi muvofiq Agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasiga texnologiyalarni joriy qilayotgan yuridik shaxslar uchun maxsus tashkiliy-huquqiy sharoit yaratishni nazarda tutuvchi Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimini (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) yaratishi nazarda tutilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Agentlik direktorining 2022 yil 28 dekabrdagi 68-son buyrug‘i bilan Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom (ro‘yxat raqami 3409, 2022 yil 30 dekabr kuni ro‘yxatdan o‘tgan) tasdiqlanib, unda quyidagilar belgilangan:
– maxsus rejim ishtirokchilarini ro‘yxatga olish talablari va shartlari;
– arizalarni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi;
– tajriba loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish, reyestrga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi;
– tajriba loyihalarini monitoring qilish va maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish tartibi;
– maxsus rejim ishtirokchilari reyestrini olib borish tartibi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur Nizomning tasdiqlanishi:
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va tajriba tariqasida amalga oshirish uchun maydoncha yaratishga;
amaldagi talablarga javob bermaydigan meyorlar aniqlangan taqdirda, yangi tartibga solish mexanizmlarini shakllantirish va sinovdan o‘tkazishga;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni, shu jumladan, investitsiyalarni jalb qilish maqsadida tokenlarni chiqarish yuzasidan tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashishga;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi mahsulotlar va xizmatlar turlarini, shu jumladan, eksportga mo‘ljallangan yechimlarni kengaytirishga;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi yangi texnologiyalarni joriy etish jarayonlarida tegishli nazoratni ta’minlashga;
maxsus rejim doirasida o‘tkazilgan tajribalar asosida yangi tartibga solish uslublarini ishlab chiqish hamda normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga;
respublika bozoriga kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi yangi texnologiyalarni olib chiqish muddatini va sarf-xarajatlarni qisqartirishga;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi tadqiqotlarni tashkil qilish va o‘tkazish hamda tahliliy materiallarni tayyorlash kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga imkon beradi.
Agentlik tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi sohasini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha ishlar davomli olib borilmoqda.